Talabalar munosabati asosida oliy ta’limda ijtimoiy-ma’naviy muhitni soğlomlaştiriş mexanizmlarini işlab çiqilmoqda

20.10.2026161

Talabalar munosabati asosida oliy ta’limda ijtimoiy-ma’naviy muhitni soğlomlaştiriş mexanizmlarini işlab çiqilmoqda

       

    Talabaning ovozi ta’lim sifatini belgilay oladimi? Uning fikri oliy ta’lim taşkilotidagi boşqaruv qarorlariga qançalik ta’sir körsatadi? Eng muhimi, talaba bildirgan muammo yoki taşabbus amaliy natijaga aylanyaptimi?

    Bu savollar zamonaviy oliy ta’lim oldida turgan eng muhim masalalardan biridir. Bugun universitetni faqat auditoriyalar, ma’ruzalar va imtihonlar majmui sifatida tasavvur qiliş tobora tor yondaşuvga aylanmoqda. Oliy ta’lim taşkiloti bilim beriş bilan birga, şaxsni rivojlantiriş, kasbiy kompetensiyalarni şakllantiriş, ijtimoiy faollikni oşiriş, mustaqil va tanqidiy fikrlaşni rivojlantirişga xizmat qiladigan yaxlit akademik va ijtimoiy muhitdir.

    Joriy yilda talabalar, professor-öqituvçilar va rahbariyat örtasidagi özaro muloqotni mustahkamlaş  maqsadida 4,5 mingdan ortiq uçraşuv  hamda 2,4 mingdan ziyod sport musobaqalari taşkil etilib, ularda 300 mingdan ortiq talaba-yoşlar qamrab olindi. Bu raqamlar oliy ta’lim tizimida bevosita muloqot mexanizmi keng va muntazam tus olayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, oliy ta’limda şakllanayotgan yangi muloqot, hamkorlik va ijtimoiy faollik muhiti mujassamdir.

    Xöş, bu jarayonlarning asl samarasi nimada? Talabaning fikri qay darajada tinglanmoqda? Bildirilgan muammo şunçaki qayd etilib qolmay, uning yeçimi uçun aniq mas’ul va muddat belgilanmoqdami? Eng muhimi, talaba taşabbusi real natijaga aylanayaptimi? Ana şu savollar zamonaviy oliy ta’limning mazmun-mohiyatini belgilovçi muhim mezonlardan biridir. Çunki bugun oliy ta’lim sifati faqat öquv maşğulotlarining mazmuni yoki akademik natijalar bilangina emas, balki talaba uçun yaratilgan ijtimoiy-ma’naviy muhit, samarali qayta aloqa, psixologik-pedagogik qöllab-quvvatlaş, taşabbuslarni rağbatlantiriş va muammolarni manzilli hal etiş mexanizmlarining qay darajada işlayotgani bilan ham belgilanadi.

    Ana şu yondaşuvni amaliyotga tatbiq etişda Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi “Oliy ta’lim taşkilotlarida tyutorlik faoliyatini taşkil etiş tartibi töğrisidagi nizomni tasdiqlaş haqida”gi 656-son qarori muhim huquqiy asos böldi. Qarorning 2-ilovasida talabalar bilan işlaş, oliygohlarda soğlom ijtimoiy-ma’naviy muhit yaratiş, yoşlarning muammo va takliflarini örganiş böyiça muhim vazifalar belgilangan. Şu asosda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalar örtasida sörovnomalar ötkazildi. Oddiy savollar ortida esa katta maqsad – yoşlarning oliygohdagi hayotini öz nigohi bilan köriş, ularni qiynayotgan masalalarni aniqlaş va yeçim topiş maqsadi turardi. Sörovnoma natijalari tahlil qilinib, aniqlangan muammo va kamçiliklarni bartaraf etiş böyiça Çora-tadbirlar dasturi işlab çiqildi. Eng muhimi, bu dastur amalda bajarildi. Bugungi tajriba bitta oddiy, ammo muhim haqiqatni körsatmoqdaki, talabani tinglaş – maqsadning özi emas, balki muammoni aniqlaş va uni amaliy hal etişning boşlanğiç nuqtasidir. Tinglangan fikr muammoga, aniqlangan muammo esa amaliy yeçimga aylangandagina haqiqiy natija yuzaga keladi. Ana şu yondaşuv asosida amalga oşirilgan işlarni yetti asosiy yönalişda köriş mumkin.

Rahbar va yoşlar örtasidagi muloqot – savoldan yeçim sari.

    Soğlom ijtimoiy-ma’naviy muhit, avvalo, rahbariyat va talabalar örtasidagi oçiq muloqotdan boşlanadi. Şu maqsadda oliy ta’lim taşkilotlarida “Rahbar va yoşlar uçraşuvi”, “Akademik va yoşlar uçraşuvi” kabi tadbirlarni taşkil etiş yölga qöyildi. Mazkur uçraşuvlarning asosiy mazmuni talabalar muammo, taklif va taşabbuslarini bevosita rahbariyatga yetkazişi, ularni oçiq muhokama qilişi va bildirilgan takliflarni aniq çora-tadbirlar hamda amaliy yeçimlar bilan boğlaşdan iborat. Bu yondaşuv yoşlar bilan ötkazilgan oçiq muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarga hamohang bölib, unda yoşlarning taşabbuslarini qöllab-quvvatlaş, muammolarini bevosita örganiş va ular bilan oçiq muloqotni yanada kuçaytirişga alohida e’tibor qaratildi.

          

    Mazkur yönalişdagi amaliy işlarning muhim misollaridan biri “Talaba Expo – 2026” tadbirlari doirasida taşkil etilgan “Rahbar va yoşlar” uçraşuvlaridir. Xususan, Samarqand viloyatida ötkazilgan uçraşuvlarda 12 mingga yaqin talaba-yoş iştirok etdi. Unda bitiruvçilarning bandligini ta’minlaş, yoşlarni mehnat bozoriga tayyorlaş, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantiriş va startap loyihalarini qöllab-quvvatlaş masalalari atrofliça muhokama qilindi. Masalan, Samarqanddagi uçraşuv yakunida eng yaxşi deb topilgan startap loyihalarni moliyalaştirişga tavsiya etiş böyiça tegişli qarorlar qabul qilindi. Navoiy davlat universitetida ötkazilgan “Rahbar va yoşlar” uçraşuvida bitiruvçi talabalar, yoş tadbirkorlar, mutasaddi idoralar va soha mutaxassislari iştirok etib, yoşlarni tadbirkorlikka jalb etiş hamda ularning mehnat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytiriş masalalari muhokama qilindi.

    “Kelajakka qadam” dasturi doirasida biznes loyihalari uçun imtiyozli kredit oliş imkoniyatiga ega bölgan yoşlarga vauçerlar topşirildi. Demak, bugungi kunda muloqotning samaradorligi uçraşuvlar soni bilan emas, balki uçraşuvdan keyin nima özgargani bilan ölçanmoqda.

Sport – soğlom raqobat va jamoaviylik maktabi

Yoşlarning böş vaqtini mazmunli taşkil etiş, soğlom turmuş tarzini qaror toptiriş va ularni jismoniy faollikka keng jalb etiş ham oliy ta’limdagi soğlom ijtimoiy-ma’naviy muhitning muhim tarkibiy qismidir. Şu maqsadda talaba-yoşlar örtasida futbol, şaxmat va boşqa sport turlari böyiça “Rektor kubogi”, “Fakultet çempionati” kabi musobaqalarni taşkil etiş amaliyoti kengaytirildi. Xususan, joriy yilda, Respublika komissiyasi işçi guruhi tomonidan Termiz davlat universitetida “Rektor kubogi” sport musobaqalarining taşkil etilişi örganildi. Jarayonda sport tadbirlari bilan bir qatorda, yoşlar bilan işlaş tizimi, startaplarni qöllab-quvvatlaş hamda talabalar uçun yaratilgan şart-şaroitlar ham tahlil qilindi. Albatta, bu juda muhim jihat. Çunki zamonaviy oliy ta’limda sportni alohida tadbir sifatida emas, balki yoşlarning ijtimoiy faolligi, jamoaviyligi, liderlik qobiliyati va soğlom raqobat muhitini rivojlantiruvçi kompleks mexanizm sifatida köriş lozim. Aytiş mumkinki, “Rektor kubogi”, “Fakultet çempionati” va boşqa sport musobaqalari taşkil etilib, ularga 150 mingdan ziyod talaba-yoş qamrab olindi. Biroq bu boradagi asosiy mezon “Qança musobaqa ötkazildi?” degan savol emas, balki “Qança talaba muntazam sport bilan şuğullana boşladi, neçta jamoa şakllandi, neçta fakultet va kurs qamrab olindi?” degan savollarga javob topişdir. Şu bois “Rektor kubogi” va “Fakultet çempionati”ni oliy ta’lim taşkilotlarining yillik sport kalendariga kiritiş, iştirokçilarning yagona elektron hisobini yuritiş va yil yakunida talabalar qamrovini foizlarda baholaş maqsadga muvofiqdir. Bunday yondaşuv sportni bir martalik musobaqadan muntazam jismoniy faollik mexanizmiga aylantiradi.

Milliy qadriyatlar – yoşlar ma’naviy kamolotining mustahkam poydevori

    Globallaşuv şaroitida yoş avlodning milliy özligini anglaş, tarixiy va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalanişi nihoyatda muhim. Şu maqsadda oliy ta’lim taşkilotlarida “Milliy qadriyatlar – ma’naviyat közgusi” şiori ostida turli körik-tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijodiy loyihalar taşkil etilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va öquvçilarning ijtimoiy faolligini oşiriş markazi tomonidan taşkil etilgan “Yurtim qadriyatlari” respublika körik-tanlovining final bosqiçida 6 ta jamoa milliy an’ana, qadriyat va urf-odatlar, kompozitsion musiqiy çiqişlar hamda jadidlar hayoti va ijodiga oid savol-javoblar böyiça bellaşib, teatrlaştirilgan sahna körinişlari, xalq qöşiqlari, milliy raqslar va intellektual çiqişlar orqali öz bilim va ijodiy salohiyatini namoyon etdi. Şunngdek, oliy ta’lim taşkilotlarida milliy qadriyatlarni tarğib etişga qaratilgan 550 dan ortiq körik-tanlov ötkazilib, 35 mingdan ziyod talaba-yoş qamrab olindi, kelgusida esa mazkur tadbirlarning barça bosqiçlari böyiça yagona statistik monitoringni yölga qöyiş ularning samaradorligini baholaş imkonini beradi, zero milliy qadriyatlarni yoşlar ongiga singdiriş bir martalik tadbir emas, balki uzluksiz ma’naviy jarayondir.

Talaba – tyutor – psixolog – ota-ona hamkorligida muammoli yoşlar bilan işlaşning samarali yeçimi.

Talabaning özgarib qolgan kayfiyati, darslarga qiziqişining susayişi yoki jamoadan çetlaşişi ba’zan oddiy holatdek körinişi mumkin. Aslida esa bunday belgilar ortida e’tibor va kömakka muhtoj muammo yaşiringan bölişi ehtimol.

Şu bois oliy ta’limda soğlom muhitni ta’minlaşning eng muhim şartlaridan biri  – muammoni çuqurlaşmasidan avval aniqlaş va unga öz vaqtida munosabat bildirişdir. Bu jarayonda talaba – tyutor – psixolog – ota-ona hamkorligi muhim mexanizmga aylanmoqda. Tyutor talabaning ta’limiy va ijtimoiy hayotidagi özgarişlarni birinçilardan bölib sezsa, psixolog uning ruhiy-emotsional holatini baholaş va zarur yordamni körsatişga kömaklaşadi. Ota-ona bilan hamkorlik esa vaziyatni oilaviy muhit bilan boğliq jihatlar nuqtayi nazaridan çuqurroq örganiş imkonini beradi. Şunday ekan, oliy ta’lim taşkilotlarida psixologik xizmatni kuçaytiriş, psixologik tadqiqot va sörovnomalar ötkaziş, individual maslahatlar beriş, profilaktik tadbirlar taşkil etiş va tyutorlar bilan hamkorlikni rivojlantirişga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yoşlar yetakçiligi, iştirokçidan taşabbuskor va loyiha rahbarigaça

Bugungi kun talabalari tadbirlarda tomoşabin yoki iştirokçi bölib qolmasligi kerak. Uning ğoyasi eşitilişi, taşabbusi qöllab-quvvatlanişi, loyihasi esa amaliy natijaga aylanişi muhim. Şu maqsadda yoşlar bilan oçiq muloqotlarni kuçaytiriş, ularning taşabbuslarini qöllab-quvvatlaşga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oçiq muloqotlarda belgilangan vazifalar asosida har haftaning payşanbasi “Yoşlar kuni” sifatida yölga qöyilgani ham bu boradagi işlarni muntazam tizimga aylantirişga xizmat qilmoqda. Samarqandda ötkazilgan tadbirlarda 12 mingga yaqin talaba-yoş iştirok etib, iş, tadbirkorlik va startaplar uçun mavjud imkoniyatlar bilan tanişdi. Yoşlarning biznes va startap loyihalari taqdim etilib, istiqbolli ğoyalarni moliyalaştirişga tavsiya etiş amaliyoti yölga qöyildi. Endi asosiy vazifa – “ğoya – loyiha – imkoniyat – natija” zanjirini barqaror tizimga aylantiriş. Şu nuqtayi nazardan, oliy ta’lim taşkilotlarida “Taşabbuslar reestri”ni şakllantiriş orqali yoşlarning ğoyalari, loyihalari va ularning amalga oşiriş jarayonini tizimli kuzatib boriş mumkin.  Çunki liderlik tayyor lavozim emas. U kiçik bir ğoyadan, dadil taşabbusdan va uni oxirigaça amalga oşiriş mas’uliyatidan boşlanadi. Oliy ta’lim esa ana şu ğoyalar tuğiladigan va kelajak liderlari şakllanadigan muhit bölişi kerak.

Talaba-qizlarni qöllab-quvvatlaş, muammoni eşitişdan manzilli yordamgaça

Oliy ta’limdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitning soğlomligi talaba-qizlar uçun yaratilgan şart-şaroit va ularning huquq hamda manfaatlari qay darajada himoya qilinayotgani bilan ham belgilanadi. Şu bois talaba-qizlarning muammolarini örganiş va hal etişga qaratilgan tizimli işlar kuçaytirilmoqda. Xususan, homilador hamda yoş farzand tarbiyalayotgan talabalar uçun ta’limni davom ettiriş va zarur hollarda masofaviy ta’limdan foydalaniş imkoniyatlari yaratilmoqda.

Talaba-qizlar bilan oçiq muloqotlar orqali ularning ta’lim, kasb-hunar, xorijiy tillarni örganiş, psixologik qöllab-quvvatlaş va bandlikka oid ehtiyojlari örganilmoqda. Bu borada asosiy mezon tadbirlar soni emas, balki aniqlangan muammolarning amaliy yeçim topişidir. Şu sababli har bir murojaatni tegişli yönaliş böyiça örganiş, mas’ulga biriktiriş va natijasini nazorat qiliş muhim.

Zero, talaba-qizlarni qöllab-quvvatlaş ularning muammosini eşitiş emas, balki yeçim topgunça yonida bölişdir.

Kurs qömitalari – talaba ovozini tizimli ravişda eşitiş mexanizmi

Talabalarning kundalik muammolari, taklif va taşabbuslarini eng tez aniqlaş mumkin bölgan böğin – ularning bevosita ta’lim olayotgan kursi va guruhidir. Şu bois kurs qömitalari faoliyatini takomillaştiriş talabalar bilan samarali qayta aloqa örnatişning muhim mexanizmiga aylanmoqda.

Oliy ta’lim taşkilotlarida kurs qömitalari faoliyati yölga qöyildi. Bugungi kunda köplab oliy ta’lim taşkilotlarida kurs qömitalari şakllantirilib, ularga faol yoşlar jalb etilmoqda. Muhimi, bu qömitalar faqat yiğiliş ötkaziş bilan çeklanib qolmasdan, talabalarning muammolarini aniqlaş va ularning yeçimini topişga xizmat qilişi kerak. Buning uçun aniqlangan muammo, mas’ul şaxs, muddat va körilgan çoralar yagona tizimda qayd etib borilişi maqsadga muvofiq.

Xulosa qilib aytganda, talabalar fikrini muntazam örganiş va ularning muammolarini öz vaqtida hal etiş, rahbariyat, tyutor, psixolog, ota-ona hamda talabalar hamkorligini kuçaytiriş oliy ta’limda soğlom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni şakllantirişning muhim omilidir.